Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimi Habibullo Nosirov joriy yil 29-sentyabr – 3-oktabr kunlari Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida o‘tkazilgan xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Mazkur tadbirlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Global – 2030 loyihasi hamda SPHERE dasturi doirasida POLITEHNICA Buxarest Milliy Fan va Texnologiyalar Universiteti ko‘magida tashkil etildi.
29–30-sentyabr kunlari Coordination Group on Global Policy Dialogue (CG GPD)ning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 40 dan ortiq mamlakatdan qariyb 100 nafar ishtirokchi qatnashib, ta’lim tizimida o‘zaro tan olish, sifatni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini global darajada uyg‘unlashtirish masalalarini muhokama qildilar.
1–2-oktyabr kunlari Bologna Process Symposium doirasida Yevropa oliy ta’lim makonidagi islohotlar, sifat kafolatlari, ECTS tizimi va uning yangilanishi, shuningdek, Yevropa ta’lim maydonining global kontekstdagi o‘rni atroflicha tahlil qilindi.
Ushbu jarayonda HERE (Higher Education Reform Experts) va NEO vakillari, shuningdek, UNESCO, ENQA, Eurydice kabi xalqaro tuzilmalar vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
2–3-oktyabr kunlari SPHERE 2025 yillik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar sun’iy intellektning ta’lim jarayonidagi o‘rni, mikro-sertifikatlarning ta’siri, barqarorlik va STEM ta’limi bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, markaz xodimi O‘zbekistondan HERE vakili sifatida milliy tajribalarni taqdim etib, Erasmus+ loyihalari bilan hamohang islohotlarda O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Mazkur uchrashuvlar global darajadagi turli ishtirokchilarni birlashtirib, oliy ta’lim siyosatini takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.