Joriy yilning 3-iyul kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 63-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida pedagoglar uchun ekologik tarbiyaga bag‘ishlangan amaliy trening tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar davomida maktabgacha ta’lim tizimida bolalarda tabiatga mehr, ekologik madaniyat va mas’uliyatli munosabatni shakllantirishning samarali metodlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar ekologik ta’limni o‘yin, ijodiy mashg‘ulotlar va hikoyalar orqali tashkil etish bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajardilar.

Trening jarayonida “Storytelling” metodidan foydalanish, ekologik rivojlantiruvchi muhit yaratish hamda hududlarda qo‘llash mumkin bo‘lgan innovatsion yondashuvlar yuzasidan tajriba almashildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga olingan bilim va ko‘nikmalarni hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kaskad usulida ommalashtirish, pedagoglarga metodik ko‘mak ko‘rsatish hamda bolalarda ekologik madaniyatni erta yoshdan shakllantirishga qaratilgan ilg‘or tajribalarni keng joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.