Qoraqalpogʻiston respublikasida pedagoglar uchun “Metodik marafon” tashkil etildi

04.06.2026

Maʼlumki, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan pedagoglarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirish, ularni metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda taʼlim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish maqsadida respublika miqyosida “Metodik marafon” tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Joriy yilning 4-iyun kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi pedagogik mahorat markazi hamkorligida navbatdagi “Metodik marafon” tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirning umumiy sessiyasida maktab psixologi faoliyatini samarali tashkil etishning innovatsion usullari, taʼlim muassasalarida sogʻlom psixologik muhitni shakllantirish hamda oʻquvchilarni ruhiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, STEAM yondashuvi orqali oʻquvchilarda tadqiqotchilik va tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilinmoqda. Mazkur yondashuv oʻquvchilarning nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uygʻunlashtirish, muammolarga ijodiy yechim topish hamda tashabbuskorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Matematik savodxonlik yoʻnalishida matematika fanini oʻqitish jarayonida zamonaviy va innovatsion metodlardan foydalanish, oʻquvchilarning fanga boʻlgan qiziqishini oshirish hamda mashgʻulotlarni samarali tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratilgan. Xususan, “Matematika orqali stressni kamaytirish” hamda “Matematika fanini oʻqitishda innovatsion metodlardan foydalanish usullari” mavzularidagi mashgʻulotlarda pedagoglarga amaliy tavsiyalar berildi.

Tabiiy-ilmiy savodxonlik yoʻnalishida tabiiy fanlarni oʻqitishda sunʼiy intellekt va raqamli platformalardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida oʻquvchilarning mavzularni chuqurroq oʻzlashtirishi, mustaqil izlanishi va amaliy bilimlarini mustahkamlashi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek, “Tabiatni sevgan ustoz — hayotni sevadi” mavzusidagi mashgʻulotda oʻquvchilarning ekologik madaniyatini rivojlantirish, tabiatga masʼuliyatli munosabatni shakllantirish hamda biologiya fanini hayotiy misollar bilan uygʻunlashtirib oʻqitish yuzasidan metodik tavsiyalar berildi.

Oʻqish savodxonligini rivojlantirish yoʻnalishida pedagogning shaxsiy namunasi, ichki energiyasi va ijodkorligi oʻquvchilar faolligiga taʼsir koʻrsatuvchi muhim omil sifatida yoritildi. “Ustozning energiyasi — oʻquvchini harakatga undovchi kuch” hamda “Ijodkor ustoz — kuchli jamiyat” mavzularidagi mashgʻulotlarda oʻquvchilarni mustaqil fikrlashga, izlanishga va mutolaaga ragʻbatlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida oʻqituvchining nutqi taʼlim samaradorligini belgilovchi muhim vositalardan biri ekani taʼkidlandi. “Oʻqituvchi nutqi — taʼlim samaradorligini belgilovchi kuch” mavzusidagi mashgʻulot boshlangʻich sinf pedagoglarining muloqot madaniyatini rivojlantirish, fikrni aniq va taʼsirchan ifodalash hamda oʻquvchilarda darsga qiziqish uygʻotishga qaratilgan.

Shuningdek, “Kitob — eng yaxshi suhbatdosh” mavzusidagi mashgʻulotda boshlangʻich sinf oʻquvchilarida mutolaa madaniyatini shakllantirish, kitobga mehr uygʻotish hamda ularning fikrlash va nutq koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha samarali usullar taqdim etildi.

Har bir yoʻnalish boʻyicha asosiy mashgʻulotlardan soʻng hududiy trenerlar ishtirokida alohida muhokamalar tashkil etiladi. Marafonning onlayn shaklda tashkil etilgani hududdagi pedagoglarning keng qamrovli ishtirokini taʼminlash, ularning oʻzaro tajriba almashishi hamda kasbiy rivojlanishi uchun samarali metodik maydon yaratishga xizmat qiladi.