
Joriy yilning 4-iyun kuni UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasida Ta’lim sohasini muvofiqlashtirish bo‘yicha Mahalliy ta’lim guruhining (LEG) navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari, Mahalliy ta’lim guruhi a’zolari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar hamda ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shahzodbek Kurbaniyazov ham qatnashib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan nutq so‘zladi.

“Bugungi yig‘ilish o‘z vaqtida tashkil etilgan va muhim ahamiyatga ega. U bizga birgalikda erishilgan natijalarni ko‘rib chiqish, yakuniy hisobotni muhokama qilish, ta’lim sohasidagi umumiy ustuvor yo‘nalishlarni belgilash hamda yanada muvofiqlashtirilgan va natijaga yo‘naltirilgan hamkorlik bo‘yicha keyingi qadamlarni kelishib olish imkonini beradi.
Hozirgi bosqichda bizning umumiy vazifamiz faqat siyosat va yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat emas. Eng muhimi, ularning maktablarda, sinfxonalarda va jamoalarda samarali ishlashini ta’minlashdir.
Islohotlarni ishlab chiqish va ularni sinfxonalarda amalga oshirish o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashimiz zarur. O‘quv dasturlari, baholash tizimi, o‘qituvchilarni tayyorlash, raqamli vositalar hamda o‘quv-metodik materiallar yagona va uyg‘un tizim sifatida ishlashi lozim.
Shuningdek, baholash natijalari, ilmiy tadqiqotlar xulosalari, monitoring ma’lumotlari va xalqaro tadqiqotlardan ta’lim siyosatiga oid qarorlarni qabul qilishda yanada samarali foydalanishimiz kerak.
Inklyuziya va bolalar farovonligi ham islohotlar markazida turishi lozim. Nogironligi bo‘lgan bolalar, qishloq va olis hududlardagi o‘quvchilar hamda turli ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardan birdek foyda ko‘rishi zarur.
Mahalliy ta’lim guruhi faqat muvofiqlashtirish mexanizmi emas. Bu ochiq muloqot, o‘zaro hisobdorlik, birgalikda o‘rganish va hamkorlikda harakat qilish maydonidir”, — dedi Shahzodbek Kurbaniyazov.
Yig‘ilish kun tartibidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarini o‘rta muddatli ko‘rib chiqish hisoboti hamda sohaning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari muhokamasi o‘rin oldi.
Tadbir davomida yangi tadbirkorlik dasturi, shuningdek, SmartED loyihasi doirasida o‘quv dasturlari konsepsiyasini ishlab chiqish va ushbu masala bo‘yicha milliy maslahatlashuvlarni tashkil etishga oid ma’lumotlar taqdim qilindi.

Ishtirokchilar milliy baholash tizimini isloh qilish, baholash masalalariga oid yangi Prezident farmoni ijrosini ta’minlash hamda BILIM loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni ham muhokama qildilar.
Shuningdek, ta’lim tizimida sun’iy intellektdan foydalanish konsepsiyasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi uchun ishlab chiqilgan siyosiy tavsiyalar hujjati yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston ta’lim tizimida sun’iy intellektdan foydalanishning milliy asoslarini ishlab chiqish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda xavfsiz maktab muhitini yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bolalarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun doirasidagi majburiyatlar, ushbu yo‘nalishdagi ko‘p tarmoqli strategiya va harakatlar rejasi, xalqaro ilg‘or tajribalar hamda bolalarni himoya qilish bo‘yicha siyosiy tavsiyalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, texnik va kasbiy ta’limni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda yangi hamkorlik kelishuvini ishlab chiqish hamda tizim salohiyatini oshirish grantining amalga oshirilishi bo‘yicha yangilangan ma’lumotlar ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida rivojlanish bo‘yicha hamkorlar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va samarali hamkorlikni mustahkamlash har bir bolaning xavfsiz, inklyuziv va sifatli ta’lim olishi, ta’lim jarayonida faol ishtirok etishi hamda muvaffaqiyatlarga erishishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida tomonlar ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish va kelgusi amaliy qadamlarni birgalikda belgilashga kelishib oldilar.