“Dalillarga asoslangan taʼlim transformatsiyasi: baholashdagi tendensiyalar, muammolar va innovatsion yechimlar” xalqaro forum tashkil etildi

04.02.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-128-son qarorida taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, taʼlim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifalardan ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 4-fevral kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Toshkent Amaliy fanlar universiteti hamkorligida Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida “Dalillarga asoslangan taʼlim transformatsiyasi: baholashdagi tendensiyalar, muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi xalqaro forum boʻlib oʻtdi.

Forumda Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi rahbariyati, YUNESKO, YUNISEF, Taʼlim boʻyicha global hamkorlik (GPE), Cambridge tashkilotlaridan xorijiy ekspertlar, Ozarbayjon, Rossiya, Angliya, Polsha, davlatlaridan ekspertlar hamda xorijiy diplomatik elchixona vakillari, mamlakatimizdagi taʼlim tizimiga aloqador tashkilotlar vakillari, oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari va prorektorlari hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan umumtaʼlim maktablari direktorlari ishtirok etishdi.

Tadbirning ochilish qismida soʻz olgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov mazkur tadbirda bildiriladigan innovatsion gʻoyalar va yechimlar maktab taʼlimini transformatsiya qilishda hamda farzandlarimizning jahon bozorida raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishishida muhim turtki boʻlishini taʼkidladi.

“Bugun biz taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻyganmiz. Bu maqsadga erishishda esa oʻquvchilar bilimini baholashning xalqaro standartlarga mos, adolatli va shaffof mexanizmlarini yaratish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bizning islohotlarimiz markazida nafaqat bilim berish, balki oʻsha bilimning natijadorligini xolis baholash tizimi turibdi.

Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida maktablarda bosqichma-bosqich zamonaviy baholash metodikalarini joriy etyapmiz. Bu jarayonda biz shunchaki raqamlar ortidan quvmaymiz, balki har bir oʻquvchining salohiyatini yuzaga chiqaradigan, ularning tanqidiy fikrlash va amaliy koʻnikmalarini shakllantiradigan tizimni barpo etishni maqsad qilganmiz.

Ushbu xalqaro forum biz uchun dunyoning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va oʻz milliy modelimizni yanada takomillashtirish uchun qulay imkoniyatdir. Ishonchim komilki, bugun bu yerda bildiriladigan innovatsion gʻoyalar va yechimlar maktab taʼlimini transformatsiya qilishda hamda farzandlarimizning jahon bozorida raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishishida muhim turtki boʻladi”, – dedi Sherzod Karimov.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov taʼlim transformatsiyasida baholash jarayonlarini oʻrniga toʻxtalib, bu kabi muhokamalar mavjud tizimni yanada takomillashtirishda fikr, gʻoya va tajribalar almashish maydoni boʻlishini qayd etdi.

“Jadal taraqqiyot davrida oliy taʼlim tizimini mehnat bozori va xalqaro standartlar bilan integratsiya qilish bizning strategik ustuvor vazifamizdir. Taʼlim transformatsiyasi, eng avvalo, baholash tizimining xolisligi va dalillarga asoslanganligidan boshlanishi kerak. Zero, toʻgʻri qoʻyilgan tashxis va aniq tahlil sifatli taʼlim poydevoridir.

Biz oliy taʼlim muassasalarida nafaqat talabalarning bilimini baholash, balki boʻlajak pedagoglarning baholash savodxonligini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Kelajak oʻqituvchisi zamonaviy formativ va summativ baholash vositalari bilan ishlashni, sunʼiy intellekt va raqamli platformalar imkoniyatlaridan unumli foydalanishni mukammal bilishi shart.

Ishonamanki, forum doirasida ishlab chiqiladigan tavsiyalar oliy taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda va kadrlarimizning xalqaro miqyosda raqobatbardoshligini oshirishda xizmat qiladi”, – dedi Sardor Rajabov.

Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori Yuliya Risyukova oʻtkazilayotgan tadbirning ahamiyatiga toʻxtalar ekan, bugungi muhokamalar natijasida bildiriladigan fikr va takliflar taʼlim tizimini yanada takomillashtirish hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etishda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

“Bugun butun dunyoda taʼlim tizimi oldida turgan eng muhim savollardan biri taʼlim natijalarini qanday baholayapmiz, bu baholash qanchalik adolatli, shaffof va kelajak ehtiyojlariga mos, degan masaladir. Biz uchun baholash masalasi bu faqat nazorat yoki monitoring emas, balki taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi strategik vositadir.

Xususan, 2025-yilda Markaz tomonidan taʼlim tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan qator muhim meʼyoriy-huquqiy va metodik tashabbuslar ishlab chiqildi hamda amaliyotga joriy etish boʻyicha ishlar olib borildi.

Ushbu ishlar doirasida taʼlim natijalarini baholashni takomillashtirish, baholash jarayonlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Mazkur tashabbuslar bugungi forum mavzusi bilan bevosita uygʻun boʻlib, baholash tizimini dalillarga asoslangan yondashuvlar hamda xalqaro tendensiyalar bilan bosqichma-bosqich muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda.

Biz ishonamizki, bugungi muhokamalar natijasida bildiriladigan fikr va takliflar taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, baholash jarayonlarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etishda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi”, – dedi Yuliya Risyukova.

YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Jofri Ijumba taʼlim tizimini isloh qilishda maʼlumotlar va adolatli baholashning oʻrniga toʻxtalib oʻtdi:

“Sifatli taʼlim har bir bolaning fundamental huquqi boʻlib, bunga erishish uchun biz nafaqat oʻqitish usullarini, balki natijalarni oʻlchash tizimini ham transformatsiya qilishimiz zarur.

YUNISEF Oʻzbekistonda taʼlim tizimini isloh qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni, ayniqsa, baholash jarayonlarini dalillarga asoslangan holda takomillashtirilishini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

Bugungi kunda baholash shunchaki oʻzlashtirish koʻrsatkichi emas, balki taʼlim tizimidagi tengsizliklarni aniqlash va har bir bolaning ehtiyojlariga moslashish uchun muhim vositadir.

Bizning hamkorligimiz taʼlimda hech bir bola eʼtibordan chetda qolmasligini taʼminlaydigan, shaffof va adolatli tizimni barpo etishga xizmat qiladi”, – dedi Jofri Ijumba.

YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakili Sara Noshadi xonim ham ishtirok etib, taʼlim sifatini taʼminlashda xalqaro hamkorlik va zamonaviy yondashuvlarning ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

“YUNESKO uchun taʼlim sifatini oshirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda adolatli baholash tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda taʼlimni transformatsiya qilish jarayonida dalillarga va tahliliy maʼlumotlarga tayanish strategiyasi jahon tajribasidagi eng ilgʻor yondashuvlardan biridir.

Biz baholash tizimini nafaqat nazorat vositasi, balki oʻquvchilarning ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantiruvchi mexanizm sifatida koʻramiz. UNESCO Oʻzbekistonning taʼlim sohasidagi islohotlarini, xususan, oʻqituvchilarning baholash kompetensiyasini oshirish va innovatsion yechimlarni joriy etish borasidagi intilishlarini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlaydi.

Ishonchim komilki, ushbu forum doirasida ishlab chiqiladigan tavsiyalar milliy baholash tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishda va kelajak avlod uchun sifatli taʼlim muhitini yaratishda muhim poydevor boʻladi”, – dedi Sara Noshadi.

Toshkent amaliy fanlar universiteti rektori Abdusalom Umarov taʼlim va ilm-fan integratsiyasi hamda zamonaviy pedagog kadrlar tayyorlash masalalariga toʻxtalib oʻtdi.

“Bugungi forum oliy taʼlim muassasalari va maktab taʼlimi oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash, xususan, boʻlajak pedagoglarni yangicha baholash mezonlari asosida tayyorlashda muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.

Bizning asosiy vazifamiz oliygoh auditoriyalaridanoq talabalarda baholash savodxonligini shakllantirishdir. Zero, oʻqituvchi oʻquvchining bilimini shunchaki raqamlar bilan emas, balki aniq dalillar va tahlillarga tayanib baholashni oʻrganishi kerak.

Ishonchim komilki, ushbu ilmiy-amaliy muloqot davomida bildirilgan takliflar va erishilgan kelishuvlar nafaqat universitetimiz, balki butun mamlakatimiz taʼlim tizimining xalqaro standartlar darajasiga koʻtarilishiga munosib hissa qoʻshadi”, – dedi Abdusalom Umarov.

Forum davomida baholash jarayonlarini takomillashtirish va sohaga innovatsion yechimlarni tatbiq etish boʻyicha quyidagi mavzularda maʼruzalar qilindi:

“Milliy baholash eksperimental tadqiqoti natijalari” – Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori oʻrinbosari Anvarjon Mahmudov;

“Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasi natijalari va taʼlim natijalarini baholashda sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyatlari” – Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon Toʻychiyev;

“Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi faoliyati” –Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova;

“Oʻzbekistonda oʻrta taʼlim uchun xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan malakalarni joriy etish” – Kembridj taʼlim hamkorligi tashkilotining Yevropa va Osiyo boʻyicha taʼlim islohotlari rahbari Stiv King;

“Nega formativ va summativ baholash natijalarini birlashtirish kerak emas” – YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi taʼlim boʻyicha eksperti Metyu Goldi-Skot;

“Baholash tizimini shakllantirish: dasturdan oʻquv-uslubiy materiallargacha” – Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligi – V.S.Lednev nomidagi Oʻqitish mazmuni va metodlari instituti vakili Filipp Shakirov.

Forumning birinchi bo‘limi panel muhokamalar shaklida davom ettirildi. Unda ma'ruzachilar quyidagi mavzularda o'z bilim va tajribalari bilan o'rtoqlashdi:

– Xalqaro va milliy baholash tadqiqotlari;

– Maktab doirasida amalga oshiriladigan baholash;

– Kompetensiyaga asoslangan baholash;

– Inklyuziv taʼlim sharoitida baholash;

– Bosqichli davlat imtihonlari;

– Yagona davlat imtihoni;

– Baholashda sun ’iy intellekt vositalaridan foydalanish.

Forumning ikkinchi bo'limi kasbiy va oliy taʼlimda baholashdagi tendensiyalar, muammolar va innovatsion yechimlarga bag'ishlandi. Ushbu bo'limning ma'ruzalar qismida quyidagi mavzular muhokama qilindi:

"Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalar" – Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Amirulla Abdullayev;

"Baholash va mehnat bozori integratsiyasi" – Toshkent davlat iqitisodiyot universiteti rektori To'lqin Teshabayev;

"Sun’iy intellekt davrida baholashni qayta talqin qilish" – Yangi Oʻzbekiston universiteti oʻquv ishlar boʻyicha prorektori Bahodir Ahmedov.

Ikkinchi bo‘limning panel muhokamalar qismida esa mutaxassislar quyidagi mavzularda o'z bilim va tajribalari bilan o'rtoqlashdi:

–  Attestatsiya va akkreditatsiya jarayonlarini tashkil etish;

–  Mahalliy reytingni tashkil etish;

–  Mustaqil taʼlimni baholash; kompetensiyaga asoslangan baholash;

–  Kasbiy taʼlimda baholash;

–  Oliy taʼlimda sunʼiy intellektdan foydalanishning baholash va akademik halollikka taʼsiri.

Ta’kidlash lozim, mazkur forum baholash tizimidagi mavjud muammolarni aniqlash, subyektivlikni kamaytirish, geymifikatsiya va xalqaro tajribalar asosida innovatsion yechimlarni joriy etish boʻyicha muhim taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun ochiq va samarali muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi.