Joriy yilning 3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Kelajak” markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum ta’lim mazmunini takomillashtirish, umumiy o‘rta va qo‘shimcha ta’lim tizimlari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, o‘quvchilarning intellektual, ijodiy hamda kasbiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida STEM ta’limi, sun’iy intellekt, robototexnika va raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, o‘quvchilarning qobiliyati va iqtidorini aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash, pedagog va metodistlarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish bo‘yicha seminarlar, treninglar va mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalar, forumlar, fan olimpiadalari, tanlovlar hamda boshqa innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, ilg‘or milliy va xorijiy tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish, ilmiy-metodik hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalar va “Yo‘l xaritalari” asosida ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslarni izchil amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur memorandum ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda yoshlarning zamonaviy bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan istiqbolli hamkorlikning huquqiy asosini yaratadi.