Markaz vakili xalqaro amaliy seminarda ishtirok etmoqda

02.07.2026

Ta’limda sifat va tenglikni ta’minlashda ma’lumotlardan samarali foydalanish bugungi kunda xalqaro miqyosda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu yo‘nalishda Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasining Addis-Abeba shahrida GPE Knowledge and Innovation Exchange — KIX loyihasi doirasida xalqaro amaliy seminar o‘tkazilmoqda.



“Ta’limda sifat va tenglikni oshirish uchun ma’lumotlardan foydalanish” mavzusidagi mazkur seminarda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimi Atoyev Suhrob ham ishtirok etmoqda.



2026-yil 29-iyundan 2-iyulga qadar davom etayotgan seminar UNESCOning Afrikada salohiyatni oshirish xalqaro instituti — IICBA, Columbia University Teachers College, NORRAG hamda GPE KIX hamkorligida tashkil etilgan.



Unda GPEga hamkor 31 mamlakatdan ta’lim siyosati va ilmiy-tadqiqot muassasalarining 38 nafar vakili qatnashmoqda.
Seminar davomida ta’lim siyosatini ilmiy dalillar asosida shakllantirish, ta’lim sifati va tengligini oshirishda ma’lumotlardan foydalanish, sun’iy intellekt vositalarini ta’lim tizimiga tatbiq etish, shuningdek, ma’lumotlarni tahlil qilish va vizualizatsiya etish bo‘yicha amaliy tajribalar muhokama qilinmoqda.