
Joriy yilning 2–3-iyun kunlari Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda seminar-trening tashkil etilmoqda. Mazkur tadbir tajriba-sinov jarayonlarida ishtirok etgan maktab o‘quvchilarining javoblarini tahlil qilish masalalariga bag‘ishlandi.

Unda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari, tadqiqot guruhi a’zolari hamda pilot (tajriba-sinov) maktablarining matematika fani o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.

Seminar davomida ishtirokchilar Yaponiyaning ilg‘or amaliyotlari, formativ baholashning mohiyati va mazmuni, o‘quvchilarning noto‘g‘ri javoblarini tahlil qilish metodikasi, shuningdek, mazkur tahlil natijalaridan ta’lim jarayonini takomillashtirishda samarali foydalanish yo‘llari haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘lmoqdalar.

Mazkur tadbir ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tadqiqotlarni tizimli tashkil etish, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholashda zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish hamda pedagoglarning amaliy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.