
Joriy yilning 1-iyun kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Qozogʻiston Respublikasi taʼlim sohasi vakillari uchun xalqaro tadqiqotlarga bagʻishlangan interaktiv trening tashkil etildi.
“Taʼlim sifatini monitoring qilish tizimida PISA xalqaro dasturining ahamiyati” mavzusida oʻtkazilgan treningda Oʻzbekistonning xalqaro tadqiqotlardagi tajribasi, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga PISA 2025 va PISA 2029 xalqaro tadqiqotlarining oʻziga xos xususiyatlari, dasturning innovatsion yoʻnalishlari, baholash topshiriqlarining tuzilishi va spetsifikatsiyasi haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, oʻquvchilarning funksional savodxonligini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Trening savol-javoblar, amaliy muhokamalar va oʻzaro tajriba almashish asosida tashkil etildi. Ishtirokchilar taʼlim sifatini baholash tizimini takomillashtirish boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan ekspertlardan tegishli tavsiyalar oldi.

Mazkur tadbir taʼlim sifatini baholash sohasida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqada ilgʻor yondashuvlarni keng joriy etish hamda oʻzaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi.