Xorijdan jalb etilgan chet tili o‘qituvchilari o‘rtasida onlayn so‘rovnoma o‘tkazildi

03.05.2026

Joriy yilning 1-may kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida xorijiy davlatlardan respublikamizdagi ta’lim tashkilotlariga jalb etilgan chet tili fani o‘qituvchilari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Tadbir avvalida Markaz direktori Shaxzodbek Kurbaniyazov so‘zga chiqib, til egasi bo‘lgan malakali xorijiy mutaxassislarning chet tillarini o‘qitish sifatini oshirishdagi muhim o‘rnini ta’kidladi. Shuningdek, hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Shundan so‘ng Markaz xodimlari xorijiy tillarni o‘qitishni yanada takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar, xususan, chet tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan onlayn so‘rovnoma haqida batafsil ma’lumot berdi.

Mazkur so‘rovnoma ta’lim jarayonidagi mavjud holatni o‘rganish, dolzarb muammolarni aniqlash hamda o‘qituvchilarning kasbiy fikr va takliflarini jamlashga qaratilgani ta’kidlandi.

So‘rovnoma quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi:

- amaldagi o‘qitish jarayonining samaradorligi;

- dars jarayonida uchrayotgan muammolar;

- o‘quv materiallari va resurslar mavjudligi;

- ishlash va yashash sharoitlari;

- xorijiy til ta’limini takomillashtirish bo‘yicha takliflar.

So‘rovnomada respublika bo‘ylab qariyb 1200 nafar xorijdan kelgan o‘qituvchi ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida xorijiy o‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi hamda o‘zaro fikr almashildi.

Mazkur so‘rovnoma natijalari asosida ta’lim tizimi, o‘qitish tajribasi, yashash sharoitlari hamda xorijiy tilni o‘qitish loyihasini takomillashtirish yuzasidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar tahlil qilinib, amaliy va tizimli yechimlar ishlab chiqiladi.