Joriy yilning 10-11-oktabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKOning Bankokdagi mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan “Yoshlar kelajagi va taʼlimda tadbirkorlik” mavzusida “10-Taʼlimda tadbirkorlik UNESCO-APEID” Kengash yigʻilishi Toshkentdagi Alfraganus universiteti, Toshkentdagi YUNESKO vakolatxonasi va YUNESKO Ishlari boʼyicha Milliy komissiyasi hamkorligida oʻtkazilmoqda.
Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad YUNESKOning Tadbirkorlik taʼlimi tarmogʻi (EE-Net) doirasida xalqaro va mahalliy ekspertlar, tadbirkorlar va yoshlar ishtirokida mavzuga oid masalalarda muhokamalar, hamda yoshlarda tadbirkorlik kompetentsiyalarini shakllantirish va rivojlantirish uchun samarali tadbirkorlik taʼlimi strategiyalarini ishlab chiqish hisoblanadi.
Tadbirning ochilish marosimida yuqori darajadagi mehmonlar qatorida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova mazkur anjumanning taʼlim va tadbirkorlik sohasini rivojlantirishdagi oʻrniga toʻxtalib oʻtdi.
“Maʼlumki, 2024-yil Prezidentimiz tomonidan yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili deb eʼlon qilindi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki yoshlar yangi Oʻzbekistonning asosini tashkil etadi. Davlatimiz rahbari bu borada zamonaviy yoshlarning hayotiy koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha oldimizga bir qator vazifalar qoʻydi.
Bu jarayonlarda oʻquvchilarning moslashuvchan tafakkur, emotsional intellekt, kreativ fikrlash, tanqidiy tafakkur, shuningdek, hamkorlikda ishlash va oʻz fikrini toʻgʻri ifoda etish kabi koʻnikmalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Aynan shu kompetensiyalarni rivojlantirish mamlakatimizda iqtisodiyotning yanada rivojlanishi uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Umid qilamanki, bugungi konferensiya ishtirokchilar uchun tajriba va bilim almashishda foydali maydon boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, ekspertlar taʼlim va tadbirkorlik sohasida oʻzlarini qiziqtirgan savollargan javob topishlari mumkin”, – dedi Yuliya Risyukova.
Taʼkidlash lozim, ikki kun davom etadigan mazkur tadbir YUNESKO, Alfraganus universiteti hamda hamkor tashkilotlar bilan tashkil etilib, unda dunyoning 34 davlatidan 100 dan ortiq xalqaro ekspertlar, oʻqituvchilar hamda siyosatchilar qatnashadi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil Yoshlar va Tadbirkorlikni Qoʻllab-quvvatlash yili deb eʼlon qilingani munosabati bilan oʻtkazilayotgan ushbu tadbir mamlakatimizda innovatsiyalarni rivojlantirishga boʻlgan yuksak intilishni namoyon etadi.
“Yoshlar va tadbirkorlik taʼlimining kelajagi” mavzusi ostida oʻtkaziladigan 10- YUNESKO -APEID Tadbirini YUNESKO Tadbirkorlik Taʼlimi Tarmogʻi (EE-Net) kotibiyati YUNESKOning Bangkokdagi mintaqaviy ofisi hamkorligida tashkil qilmoqda.
Ushbu tadbir yoshlar oʻrtasida tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va barqaror rivojlanish, iqtisodiy oʻsish hamda innovatsiyalarni ragʻbatlantirish uchun muhim vosita sifatida ilgari suradi.
Mahalliy tashabbuslarni kuchaytirish bilan birga, ushbu tadbir Oʻzbekiston taʼlim muassasalari va xalqaro hamkorlar oʻrtasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishga ham yoʻnaltirilgan.
35 ta mamlakat vakillari yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish siyosatini ishlab chiqish, tadbirkorlikni taʼlim tizimiga integratsiya qilish va yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhit yaratish boʻyicha eng yaxshi amaliyotlarni muhokama qiladilar.
Tadbir doirasida tadbirkorlik taʼlimiga bagʻishlangan maxsus jurnal taqdimoti boʻlib oʻtadi va “Toshkent Deklaratsiyasi” qabul qilinib, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tadbirkorlik taʼlimini rivojlantirish strategiyalari belgilab olinadi.