Sayt test rejimda ishlamoqda

“Taʼlim muhitining transformatsiyasi: zamonaviy oʻqitishda raqamli texnologiyalarning oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi

16.04.2025

 

Joriy yilning 16-aprel kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Taʼlim muhitining transformatsiyasi: zamonaviy oʻqitishda raqamli texnologiyalarning oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur anjuman xalqaro tajribani oʻrganish, raqamli oʻquv muhitini rivojlantirish hamda pedagogik yondashuvlarni transformatsiya qilish maqsadida oʻtkazildi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ–128-son qarorida belgilangan vazifalarga asosan, Markaz tomonidan taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan qator tahliliy va amaliy tadqiqotlar oʻtkazilmoqda. Bu borada jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish boʻyicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlanmoqda. Ushbu konferensiya Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan joriy yilda tashkil etilgan birinchi ilmiy-amaliy anjuman hisoblanadi.

 

 

Konferensiyaning maqsadi – dunyo boʻylab tadqiqotchilar, oʻqituvchilar va taʼlimga aloqador ekspertlar bilan oʻzaro bilim va tajriba almashish, zamonaviy raqamli texnologiyalarning oʻqitishdagi oʻrnini chuqur tahlil qilish hamda umumiy oʻrta taʻlimda yuzaga kelayotgan muammolarga zamonaviy yechimlar taklif etishdan iborat.

 

Shuningdek, anjuman raqamli texnologiyalar orqali taʼlimda xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, soha rivojiga hissa qoʻsha oladigan ekspert va pedagoglarni qoʻllab-quvvatlash, amalga oshirilayotgan ilmiy-metodik ishlarni muhokama qilish, hamda mavjud boʻshliqlar va muammolarni ilmiy asosda bartaraf etish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.

 

 

 

 

 

Tadbirda AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy, Singapur, Turkiya va boshqa mamlakatlardan taniqli olimlar, raqamli taʼlim texnologiyalari mutaxassislari, shuningdek, Oʻzbekistonning turli hududlaridan pedagoglar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

 

Anjuman doirasida

 

– taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish,

 

– oʻqitishning interfaol shakl va metodlarini tahlil qilish,

 

– taʼlimda sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish,

 

– taʼlim ishtirokchilarida raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilindi.

 

 

Konferensiyada YUNESKO, YUNISEF, kabi xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosidagi yondashuvlar, muvaffaqiyatli loyiha tajribalari va global taʼlim tendensiyalari haqida maʼruzalar tinglandi va Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan startap loyihalar va robotexnikalar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

 

Shuningdek, Ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan yagona taʼlim ekotizimi sifatida test rejimida ishga tushirilgan “Yagona taʻlim resurslari va xizmatlari portali”ning taqdimot tadbiri boʻlib oʻtdi.

 

Mazkur portalda muhim metodik resurslar, zamonaviy pedagogik dasturiy vositalar va platformalardan foydalanish boʻyicha videoqoʻllanmalar, maktab darsliklari va laboratoriya mashgʻulotlari boʻyicha multimedia va elektron resurslar berilgan.

 

 

Shuningdek, taʼlimda baholash nazariyasi va amaliyoti boʻyicha videoresurslar joylashtirilgan. Hozirda portalning imkoniyatlarini kengaytirish, interfaol taʼlim resurslari bilan toʻldirish ishlari amalga oshirilmoqda. Portalga istalgan vaqtda istalgan joydan va qurilmadan kirib, foydalanish imkoniyati yaratilgan.

 

Konferensiya yakunida raqamli texnologiyalarni taʻlimga tatbiq etishda ilgʻor yondashuvlar asosida tayyorlangan 300 dan ortiq ilmiy maqolalar toʻplam holida nashr qilinishi belgilandi. Ushbu toʻplam pedagoglar, tadqiqotchilar va siyosat ishlab chiquvchilar uchun muhim qoʻllanma sifatida xizmat qiladi.

 

Mazkur anjuman Oʻzbekistonda raqamli taʻlim tizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va taʻlim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.