Sayt test rejimda ishlamoqda

“Skills Up: nazariyadan amaliyot sari” mavzusidagi tadbir boʻlib oʻtdi

27.02.2025


Joriy yilning 25-fevral kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Jizzax shahrida maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlari uchun “Skills Up: nazariyadan amaliyot sari” mavzusidagi tadbir boʻlib oʻtdi.


Unda viloyatdagi 243 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbar, pedagog va metodistlari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.



Mazkur seminardan koʻzlangan maqsad:


– Pedagog xodimlarning nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha yangi metod va strategiyalarni oʻrgatish;


– “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi asosida rivojlantiruvchi muhitni yaratish va bolalarning kitobxonlik hamda ekologik madaniyatini shakllantirish;


– Erta yoshdagi bolalarning tasviriy faoliyati va mehnat faoliyatini tashkil etishda individual yondashuv va metodlarni puxta oʻzlashtirish;


– Taʼlim-tarbiya jarayonida oʻquv-metodik vositalar va didaktik materiallardan samarali foydalanish usullarini muhokama qilish hamda amaliyotga tatbiq etish hisoblanadi.



Tadbir davomida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi asosida rivojlantiruvchi muhitni yaratish, bolalarning kitobxonlik va ekologik madaniyatini shakllantirishning zamonaviy usullari va shakllari, erta yoshdan bolalar tasviriy faoliyati, maktabgacha yoshdagi bolalarning mehnat faoliyatini tashkil etishda individual xususiyatlarining ahamiyati, taʼlim-tarbiya jarayonida oʻquv-metodik vositalar va didaktik materiallardan foydalanish metodikasiga doir qator mavzular atroflicha muhokama qilindi.



Mashgʻulotlar interaktiv koʻrinishda tashkil etilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.



Taʼkidlash lozim, bu kabi metodik marafonlar oʻqituvchilarga qulay vaqtlarda doimiy tarzda tashkil qilib boriladi hamda 2026-yilning mart oyi yakuniga qadar 10 ming nafarga yaqin maktabgacha taʼlim tashkilotlari uslubchilarini qamrab olish rejalashtirilgan.