Joriy yilning 30-aprel - 1-may kunlari Toshkent shahridagi 110-maktabda test administratorlari uchun “PISA–2025 tadqiqoti tajriba-sinov jarayonlarida test administratorlarining vazifalari” mavzusidagi seminar-trening boʻlib oʻtmoqda.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti hamda Jahon banki hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda respublikamizning turli hududlaridan test administratorlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida mutaxassislarga PISA–2025 tadqiqoti tajriba-sinov jarayonlarini sifatli o‘tkazish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar va amaliy yo‘riqnomalar berildi.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova xalqaro baholash dasturlarining mamlakatimiz ta’lim tizimini takomillashtirishdagi o‘rniga to‘xtalib o‘tar ekan, o‘quvchilarning real hayotiy vaziyatlarga tayyorlashda pedagoglar malakasini oshirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
"PISA tadqiqotlarning natijalariga koʻra, oʻquvchilarimiz olgan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qoʻllay olmasligi namoyon boʻlmoqda.
Oʻquvchilarni PISA yoki boshqa testlarga maqsadli tayyorlash emas, balki ushbu tadqiqotlar yordamida baholanadigan kompetensiyalar va amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish hamda baholanishiga tayyorlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, ushbu tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, oʻquvchilarda funksional savodxonligikni oshirish, kreativ fikrlash va 4K koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida oʻqituvchilar uchun qishki va bahorgi taʼtil davrida respublikamizning barcha hududlarida “Metodik marafon” tashkil etildi.
Mazkur marafonlarda 20 mingga yaqin oʻqituvchilarning kasbiy mahorati oshirildi va bu jarayonlar yana davom etmoqda." – dedi Yuliya Risyukova.
Kunning ikkinchi qismida ishtirokchilar uchun tadqiqotda foydalaniladigan barcha materiallar bilan tanishtirish, sinovdan bir kun oldin bajariladigan vazifalar hamda maktab koordinatori bilan hamkorlik masalalari shuningdek, sinov reja jadvali, maktablarga yetib borish, maktablar bilan aloqalar o‘rnatishga doir amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab, tajriba-sinov jarayonlarini o‘tkazish uchun 83 ta maktab ajratib olingan bo‘lib, har bir maktabda 56 nafardan o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari aniqlanadi.
Tajriba-sinov jarayonida asosiy tadqiqot oldidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.