Joriy yilning 3-mart kuni YUNESKO, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Axborot va ommaviy komminkatsiyalar agentligi hamkorligida manfaatdor tomonlar ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar xalqaro ekspert, media va axborot savodxonligi siyosati va tadqiqotlari bo‘yicha mutaxassis, Finlyandiyaning Tampere universiteti dotsenti Maarit Yaakkola tomonidan olib borildi.
“O‘zbekistonda media va axborot savodxonligi (MAS) strategiyasiga umumiy qarash sari” mavzusida tashkil etilgan seminarda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimlari ham ishtirok etishdi.
Unda markaz tomonidan O‘zbekistonda ta’lim tizimiga mediasavodxonlik ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan qator loyihalar, xususan, Raqamli ta’lim resurslari portal, mediasavodxonlik bo‘yicha pedagoglar uchun yaratilgan metodik qo‘llanma hamda bu borada boshlang‘ich sinf darsliklariga singdirilgan jihatlar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar ham berildi.
Qizg‘in bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tgan tadbir davomida, shuningdek, O‘zbekistonda Media va axborot savodxonligini rivojlantirish, jamoatchilik xabardorligini oshirish va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy chora-tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muhokamalar yakunida seminar davomida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati instututlati, ta’lim muassasalari hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlik va muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.