Sayt test rejimda ishlamoqda

“Natijaga yoʻnaltirilgan uzluksiz taʼlimni joriy etish tendensiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi

27.03.2024

Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston poydevori boʻlgan inson kapitalini rivojlantirishda maktab taʼlimini isloh qilish, oʻquvchilarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirish dolzarb vazifaga aylandi. Buning uchun yurtimizda oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻqitish metodikasi va taʼlim natijalarini baholash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Joriy yilning 25-mart kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Natijaga yoʻnaltirilgan uzluksiz taʼlimni joriy etish tendensiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.


Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, BMTning bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya, AQSH kabi davlatlarning yetakchi mutaxassislari tomonidan natijaga yoʻnaltirilgan taʼlimning dolzarb muammolari va ularning yechimlariga bagʻishlangan maʼruzalar taqdim etildi.



Konferensiyada respublikamizning turli hududlaridan 1000 nafardan ortiq taʼlim sohasidagi olimlar, ekspertlar va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilari oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi.


Tadbir davomida taʼlim mazmunini belgilash, taʼlim jarayonini tashkil etish, metodik taʼminotni mustahkamlash, oʻquvchilarni baholash va taʼlim muassasalarida inklyuzivlikni taʼminlashga qaratilgan turli muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.



Xususan, tadbir davomida mutaxassislar tomonidan quyidagi 6 yo‘nalishda ma’ruzalar qilindi:


– Taʼlim mazmunini takomillashtirish tendensiyalari: tajriba, amaliyot va chaqiriqlar;


– Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va metodik taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari;


– Natijaga yoʻnaltirilgan taʼlim muhiti, vositalari va didaktik taʼminoti;


– Oʻquv natijalarini baholash va taʼlim sifatini monitoring qilishning dolzarb masalalari;


– Taʼlimda raqamlashtirish: muammolar, imkoniyatlar, afzalliklar;


– Inklyuziv taʼlimni tashkil etish muammolari va yechimlari.


Ta’kidlash lozim, o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etish uchun bugungi kunga qadar 100 dan ortiq maqolalar kelib tushdi. Mazkur maqolalar konferensiya yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, tegishliligi boʻyicha saralandi va Markazning maxsus toʻplamida chop etish uchun tayyorlanmoqda.



Tadbirda soʻz olganlar amaldagi davlat taʼlim standartlariga qoʻyilgan talablarni yangilash zaruriyati mavjudligini taʼkidlashdi. Ularning xalqaro taʼlim standartlari bilan toʻliq uygʻunlashmagani, jumladan taʼlim natijalarini baholash komponenti mavjud emasligi aytib oʻtildi. Shuningdek, taʼlim standartlarini kompetensiyaga asoslangan taʼlim prinsiplariga muvofiq ishlab chiqish meʼyorlari belgilanmaganligi ham qayd etildi.


Muhokamalar natijasida taʼlim mazmunini belgilash, taʼlim jarayonini tashkil etish, metodik taʼminotni mustahkamlash, oʻquvchilarni baholash va taʼlim muassasalarida inklyuzivlikni taʼminlashga qaratilgan turli muammolar va ularning yechimlari boʻyicha ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqiladi.


Mazkur konferensiya umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilari uchun bahorgi taʼtil davrida kasbiy kompetentligini oshirishga qaratilgan “Metodik marafon”ning boshlangʻich qismi hisoblanib, 26-27-mart kunlari davom etadi.


“Metodik marafon”larda umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun yangi metodikalarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi va yangi didaktik vositalaridan foydalanishga erishish orqali taʼlim sifati yaxshilanadi.