Sayt test rejimda ishlamoqda

“Muvaffaqiyatli martaba yoʻllari va shaxsiy muvaffaqiyat sirlari” mavzusida seminar tashkil qilindi

20.02.2024


Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi 54-son qaroriga asosan "Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi" loyiha ofisi tomonidan birinchi bosqichda faoliyati takomillashtiriladigan muassasalardan biri sifatida Uchtepa tumanidagi 129-maktab Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga biriktirilgani haqida xabar bergan edik.


Joriy yilning 20-fevral kuni ushbu maktabda 9-11-sinf oʻquvchilari hamda pedagoglar uchun “Muvaffaqiyatli martaba yoʻllari va shaxsiy muvaffaqiyat sirlari” mavzusida seminar tashkil qilindi.


Seminardan maqsad oʻquvchilarni zamonaviy kasblar bilan tanishtirish, kasb tanlashda qiyinchilikka uchrayotgan bolalarga psixologik yordam koʻrsatish, xorijiy, milliy tadbirkor va kasb egalari bilan muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.


Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Ta’limni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Yuliya Risyukova seminarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tar ekan, yoshlar bugungi kun emas, kelajak kasblariga tayyorlanishi muhim ekanligini ta’kidladi.



“Bugungi tadbir mavzusi juda muhim. Chunki bitiruvchilarimiz hozir muhim qaror qabul qilishlari kerak. Kimdir universitetga kirsa, kimdir kasb tanlaydi.  


Aslida ko‘p o‘ylash — normal holat. Sababi yildan yilga yangi kasblar paydo bo‘lmoqda. 


Dunyo har kuni o‘zgarib bormoqda, ayniqsa sun’iy intellektning rivojlanishi tufayli yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Biz o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishimiz va yoshlarimizni kelajakka tayyorlashimiz kerak.


Ishonamanki, bugungi ma’ruzalar Sizlar ham uchun foydali bo‘ladi. Markaz xodimlari esa shu yerda har kuni Sizlar bilan”, dedi, Ta’limni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari.


Seminar davomida Taʼlimni rivojlantirish markazi mutasaddilari bilan birga vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilot xodimlari, oliy ta’lim muassasasi professor o‘qituvchilari va tadbirkorlar maktab o‘quvchilari, amaliyotchi psixologlar hamda pedagoglarga o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.



Xususan, Turkiyaning “The Baklava King” brendi asoschisi Mehmet Yilmaz o‘quvchilarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash, uning nozik jihatlariga to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Ozod Raxmonov Oʻzbekistonda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ulardan foydalanish usullari haqida ma’lumot berdi. 


Shuningdek, Toshkent shahrida “A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” katta oʻqituvchisi Samira Rahimova orzu va maqsadning ahamiyati haqida ma’ruza qildi.



Bundan tashqari, “Uzbekistan airways AJ” xodimi Mardona Qosimova bugungi kundagi natijalariga erishishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratish lozimligi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICAning masʼul xodimi Doston Nazirov tarjimonlik va tijorat sohalarini qanday qilib bir maromda uddalash mumkinligi haqidagi tajribalarini bo‘lishdi.



Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir yakunida barcha oʻquvchilar qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish, toʻgʻri kasb tanlash hamda zamonaviy kasblar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.



Shuningdek, maktabda kasb-hunarga yoʻnaltirish tizimida uchrayotgan muammolar yuzasidan Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan masʼul mutaxassis hamda davlat tashkilotlariga zarur metodik yordamlar ko‘rsatildi.