Joriy yilning 6-avgust kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida bolalar uchun eng yirik dasturlash xakatoni – “KIDS HACKATHON 2024” o‘tkazildi.
Xakaton Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi, IT Park, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi koʻmagida tashkil etildi.
Tadbir ochilishida soʻzga chiqqan Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova ilk marotaba tashkil etilgan musobaqa muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
“Innovatsiya, ijodkorlik va texnologiyalar bugun har bir jamiyatning rivojlanishi uchun eng muhim ustunlardan biriga aylanib bormoqda.
Xakaton shunchaki raqobat emas, bu har birimiz uchun oʻz mahoratimizni namoyish etish, fikr almashish va ajoyib narsalarni yaratish uchun noyob imkoniyatdir.
Bu nafaqat oʻz gʻoyalarini amalga oshirish, balki texnologiya orqali dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartirishni xohlaydigan hamfikr odamlar bilan tanishish imkoniyatidir.
Har qanday muvaffaqiyatli loyihalar avvalo gʻoyadan tugʻiladi. Tajriba qilishdan qoʻrqmang. Bugungi bellashuv ertangi ulkan natijalaringiz uchun ilk qadam boʻlishiga ishonaman,” – dedi Yuliya Risyukova.
Taʼkidlash lozim, ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur tadbirda 350 dan ortiq ishtirokchilar oʻz ijodiy dasturlash loyihalarini taqdim etishdi.
Tadbir yakunida mazkur loyihalar ichidan eng yaxshilari tanlab olinib, g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.