Joriy yilning 15-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Uchtepa tumanidagi 129-umumtaʼlim maktabi bilan hamkorlikda maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Eko-qahramonlarni kashf etamiz” nomli koʻrik-tanlov tashkil etildi.
Ushbu tadbirda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy tadqiqot instituti vakillari, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professor-oʻqituvchilari hamda maktab oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Tanlovni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad:
– “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng koʻlamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish;
- – oʻquvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qiluvchi bilim, koʻnikma va malakalarni taʼlim mazmuniga keng singdirish;
- – tabiatga muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalash;
– atrof-muhit muammolariga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish, isteʼdodli yoshlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash, sergʻayrat yoshlarni kamolga yetkazish, oʻquvchilarda ixtirochilik, kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirishdan iborat.
Tanlovda oʻquvchilar “Plastik chiqindilarni kamaytirish”, “Biologik xilma-xillikni saqlash”, “Qayta tiklanadigan energiyani targʻib qilish”, “Yashil shaharni birga quramiz”, “Suvning ifloslanishi va aholi salomatligi”, “Ekologiyani muhofaza qilishda yashil texnologiyaning roli” kabi mavzularda oʻz ijodiy ishlarini namoyish etishdi.
Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova oʻquvchilarga faol ishtirok uchun minnatdorlik bildirar ekan, bu kabi tanlovlar ularning ekologik madaniyati va ijtimoiy masʼuliyatini oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
“Barchamizga maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Ushbu koʻrik-tanlovni oʻtkazishdan asosiy maqsadimiz ham oʻsib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol etib tarbiyalash, oʻquvchilarning ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga yoshlarni keng jalb qilishdan iboratdir.
Oʻylaymanki, bugungi tanlov orqali Siz aziz oʻquvchilar ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qiluvchi harakatning faol ishtirokchisi boʻlishga hamda oʻquv fanlari doirasidagi ekologik bilimlarni amaliyotga joriy etishda oʻz hissangizni qoʻshasiz” – dedi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova.
Tadbir yakunida tanlov ishtirokchilariga esdalik sovgʻalari ham topshirildi.