Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “4K koʻnikmalarini baholash rubrikalari” nomli uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi.
Global tadqiqotlar natijalari shuni koʻrsatadiki, mamlakat iqtisodiy oʻsishi uchun oʻquvchilarga maktabda nafaqat taʼlim berish, balki oʻqitish natijalarini baholash ham muhimdir. Shu nuqtayi nazardan taʼlim jarayonida oʻquvchilarning oʻrganishini va oʻrganish uchun baholashlarni toʻgʻri tashkil etish ham zarur va dolzarb hisoblanadi.
Mazkur qoʻllanmada formativ baholash jarayonida oʻquvchilarning affektiv, kognitiv, psixomotor koʻnikmalarni tekshirish, kuzatib borish, taʼlimda keng foydalanilayotgan “4K” tushunchasining mazmun-mohiyati, oʻquvchilarda kollaboratsiya, kommunikatsiya, kreativ va kritik fikrlash koʻnikmalarni rivojlantirish va baholash mazmuni, modeli, usullari va vositalari haqida soʻz boradi.
4K rubrikalaridan foydalanishning ahamiyatli taraflari – oʻquvchini maʼlum vaqt kuzatish natijasida toʻplangan maʼlumotlardan uning muvaffaqiyatga erishishi uchun yoʻl koʻrsatish, tahlil qilish orqali esa manfaatdor tomonlar bilan qayta aloqa mexanizmini takomillashtirishga xizmat qiladi. Qoʻllanmani jamoatchilikka taqdim etish orqali, baholashda dunyo hamjamiyatida ommalashgan 4K koʻnikmalarini baholashga oid foydali maʼlumotlarni maktab taʼlimi auditoriyasiga yetkazish maqsad qilingan.
Mazkur rubrikalarni tayyorlashda ilmiy-ommabop rubrikalar va tadqiqotlarga murojaat qilindi, shuningdek, ularga mos tavsiyaviy topshiriqlar ishlab chiqishda ham 4K koʻnikmalarni qamrab oluvchi xalqaro tadqiqotlar va boshqa tadqiqot institutlarining tavsiyaviy topshiriqlaridan andoza olindi.
Eʼtiborlisi shundaki, qoʻllanma mahalliy taʼlim tajribamizda “4K” koʻnikmalarini rivojlantirish va baholash yuzasidan ilk uslubiy-metodik manba hisoblanib, unda “4K” tushunchasining mazmun-mohiyati izchil bayon etilgan, shuningdek, divergent va konvergent tanqidiy fikrlash mohiyati, muammolarni hal etishda kreativ va kritik fikrlash tartibi, muammolarni hal qilishda kritik fikrlashning “aniqlash”, “tahlil qilish”, “topish”, “tanlash” va “joriy etish” kabi kabi bosqichlari tizimli ochib berilgan va asosiysi kollaboratsiya, kommunikatsiya, kreativ va kritik fikrlashni formativ baholashda foydalaniladigan 1 – 4-sinflar, 5 – 9-sinflar va 10 – 11-sinflar uchun alohida-alohida baholash rubrikalari, “4K” koʻnikmalarini formativ baholashda foydalaniladigan 1 – 4-sinflar, 5 – 9-sinflar va 10 – 11-sinflar uchun alohida-alohida namunaviy topshiriqlar va “4K” koʻnikmalarini formativ baholash uchun baholash kartalari ishlab chiqilgan.
Qoʻllanma umumiy oʻrta taʼlim qatnashchilari, oʻqituvchi-pedagoglar, mustaqil izlanuvchilar uchun moʻljallangan.
“4K koʻnikmalarini baholash rubrikalari” nomli uslubiy qoʻllanmani - YUKLAB OLISH